Chop etish

Litsey nizomi

I.Umumiy qoidalar

1. Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyi (keyingi o’rinlarda matnda – Akademik lisey deb yuritiladi) Davlat ta’lim standartlariga mos ravishda o’rta-maxsus ma’lumot beruvchi, o’quvchilarning qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, chuqurlashtirilgan ta’lim yo’nalishlari bo’yicha o’qitish, oliy ta’limga maqsadli yo’naltirish, jadal intellektual rivojlanish bilan ta’minlovchi, shuningdek, maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassislik beruvchi davlat ta’lim muassasasidir.

2. Akademik lisey o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining hay’at qarorlari va buyruqlari, oliy ta’lim muassasasi kengashi  qarorlari  va  rektor buyruqlari, yo’riqnomalari, ko’rsatmalari, ta’lim tizimiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, shuningdek, ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.

3. Akademik lisey mustaqil yuridik shaxs hisoblanib, o’z balansiga, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g’aznachiligida ochilgan hisob raqamlariga, O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushurilgan va o’z nomi yozilgan muhrga hamda o’z faoliyati uchun zarur boshqa belgilar va rekvizitlarga ega bo’ladi.

4. Akademik lisey berilgan moddiy texnik bazasini saqlab qolish, mustahkamlash va rivojlantirish tadbirlarini amalga oshiradi, shuningdek, ajratilgan mablag’lardan rasional va samarali foydalanishni nazorat qiladi.

5. Akademik liseyning nomi:

Davlat tilida - “Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyi”.

Qisqartirilgan  nomi - “SamDChTI  akademik liseyi”.

Rus tilida - Академический лицей Самаркандского государственного института иностранных языков”.

Qisqartirilgan nomi -  “Академический лицей СамГИИЯ”.

Ingliz tilida -  “The Academic Lyceum of Samarkand State Institute of Foreign Languages”.

Qisqartirilgan nomi -  “AL of SamSIFL”.

6. Akademik liseyning to’liq yuridik manzili: Samarqand shahar, Rudakiy ko’chasi, 237-uy.

Ingliz tilida -  237,  Rudaki street Samarkand, Uzbekistan.

 

II. Akademik liseyning maqsad va vazifalari

7. Akademik liseyning maqsadi – o’quvchilarni har tomonlama rivojlangan, madaniyatli shaxs sifatida shakllantirish, shuningdek, jamiyatda o’zlarining mustaqil o’rnini topish, ta’lim va kasblar bo’yicha dasturlarni tanlash, ularni o’zlashtirish uchun asos yaratish, fundamental ilmiy-nazariy asoslar nuqtai nazaridan puxta bilimga ega bo’lishlari uchun shart-sharoit yaratish shuningdek, shaxsning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlarni ta’minlash, o’quv jarayonining sifat va samaradorligini oshirish, o’quvchilarning bilim darajasini oshirishda oliy ta’lim muassasalarining o’quv, ilmiy salohiyatidan yanada kengroq foydalanishni tashkil etish, oliy talim muassasalarining o’quv ilmiy salohiyatidan moddiy-texnik bazasi, ta’lim va axborot resurslaridan foydalanish, iqtidorli o’quvchilarni qo’llab-quvvatlash, ularni maqsadli ta’limga yo’naltirish va pirovard natijada akademik lisey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga maqsadli o’qishga kirishini ta’minlash.

8. Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyning vazifalari:

oliy ta’lim muassasalarida o’qishni davom ettirish imkoniyatini ta’minlaydigan ta’lim dasturlarini ishlab chiqilishi va bajarilishini ta’minlash;

umumiy o’rta ta’lim muassasalarining eng iste’dodli va iqtidorli o’quvchilarini tanlab olish;

davlat ta’lim standarti talablari bajarilishini ta’minlash;

o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va o’qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishga chuqur tayyorlash;

o’quvchilarni tanlagan ta’lim yo’nalishlari bo’yicha chuqurlashtirilgan bilim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish;

o’quvchilarning ijodiy salohiyati, qobiliyati, individual iste’dodlarini namoyon bo’lishi va faollashishiga ko’maklashuvchi, har bir o’quvchining mustaqil faoliyat ko’nikmalarini shakllantiruvchi hamda rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratish;

ilg’or mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish;

ta’lim jarayonida ilg’or pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarining qo’llanilishini ta’minlash;

akademik liseydagi o’quv jarayonining sifatini davriy ravishda oshirib borish;

akademik lisey o’qituvchilarining kasbiy salohiyati va pedagogik mahoratini oshirib borish maqsadida doimiy seminar, treninglar o’tkazish;

akademik lisey o’qituvchilarini attestasiyaga tayyorlash, malaka toifalarini oshirib borish;

akademik lisey o’qituvchilarini ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish va ularga oliy ta’lim muassasalarining professor-o’qituvchilaridan ilmiy-metodik rahbarlar tayinlash;

ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish va ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish;

akademik lisey faoliyatiga oid monitoring natijalarini oliy ta’lim muassasasi kengashi muhokamasiga kiritish;

akademik liseyning iqtidorli o’quvchilarini olimpiadalar, ko’rik-tanlovlar orqali aniqlash, rag’batlantirib borish, respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash;

akademik lisey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish ko’rsatkichlarini har o’quv yili boshida tahlil qilish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash;

o’quv tarbiyaviy jarayonda sog’lom muhitni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, sog’lom turmush tarzi me’yorlarini amalga tatbiq etish;

o’quvchilarda vatanparvarlikni, o’z Vatani bilan faxrlanish his-tuyg’usini rivojlantirish, milliy o’zligini anglash, xalqimizning milliy, madaniy, tarixiy an’analariga hurmat bilan qarashni kuchaytirish;

o’quvchilarning izchil intellektual, madaniy va ma’naviy-axloqiy kamol topishiga bo’lgan ehtiyojini qondirish;

doimiy ravishda o’qituvchilarning sifat darajasini oshirib borishni ta’minlash;

o’qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini, shuningdek, ma’naviy yetukligini muntazam oshirib borish;

ayrim fanlar chuqur o’rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari bilan ta’limning uzluksizligi va uzviyligi tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli o’quvchilar bilan ish olib borish doirasida o’zaro amaliy hamkorlikni yo’lga qo’yish;

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyga tizimli asosda har tomonlama metodik va amaliy yordam ko’rsatilishini tashkil etish.

9. Akademik liseyning majburiyatlari:

O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini, davlat ta’lim standartlari, o’quv rejalari va dasturlarini, yuqori turuvchi boshqaruv organlarining tegishli buyruqlari va ko’rsatmalari bajarilishini ta’minlaydi;

davlat ta’lim standartlariga muvofiq soha yo’nalishlari bo’yicha o’quvchilarning intensiv intellektual rivojlanishini va puxta tabaqalashtirilgan o’qitishni ta’minlaydi;

o’quvchilarning respublika, xalqaro fan olimpiadalari va ko’rik-tanlovlarida samarali ishtirokini ta’minlaydi;

doimiy ravishda o’qituvchilarning sifat darajasini oshirib borishni ta’minlaydi;

o’qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini, shuningdek, ma’naviy yetukligini muntazam oshirib borishini ta’minlaydi;

ota-onalar, fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari va boshqa manfaatdor idoralar bilan o’quv-tarbiya ishlarini rivojlantirish bo’yicha hamkorlik ishlarini olib boradi;

o’quvchilarni tanlagan ta’lim yo’nalishlari bo’yicha chuqurlashtirilgan bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratib beradi;

o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va o’qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishga tayyorlaydi;

o’quvchilarning ijodiy salohiyati namoyon bo’lishi va faollashishiga ko’maklashuvchi, individual iste’dodlarni va har bir o’quvchining qobiliyatlari hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlarni egallab olish jarayonida mustaqil faoliyat ko’nikmalarini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratadi;

ilg’or mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab boradi;

ta’lim sifatini yaxshilash, o’quv-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish, rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi;

o’quv-tarbiya jarayonida sog’lom muhitni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, sog’lom turmush tarzi me’yorlarini amalga tatbiq etadi;

o’quvchilarda vatanparvarlikni, o’z vatani bilan faxrlanish his-tuyg’usini rivojlantirish, milliy o’zligini anglash, xalqimizning milliy, madaniy, tarixiy an’analariga hurmat bilan qarashni kuchaytiradi.

10. Akademik liseyning huquqlari:

amaldagi m’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq umumiy o’rta ta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik liseyga o’qishga qabul qilishni, kursdan-kursga o’tishini yoki qoldirilishini, boshqa ta’lim muassasasiga ko’chirilishini, chetlatilishini hamda qayta tiklanishini, shuningdek, akademik ta’til berishni tashkil etadi, o’qishni tamomlagan bitiruvchilarga Davlat namunasidagi diplom va egallagan mutaxassisligi bo’yicha sertifikat berilishini ta’minlaydi;

ota-onalar, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari va boshqa manfaatdor idoralarga o’quv-tarbiya ishlarini rivojlantirish bo’yicha murojaatlar yo’llaydi;

turli moliyaviy manbalardan foydalanib, akademik liseyning xususiy (maxsus) fondini shakllantiradi;

o’qishda (ishda) a’lo ko’rsatkichlarga erishgan o’quvchi va o’qituvchilar hamda ishchi xodimlarni taqdirlaydi (moddiy va ma’naviy), mukofotga taqdim etadi, lozim bo’lganda ularga intizomiy jazo choralarini (xususan jarima qo’llanilishi mumkin) ko’radi;

akademik lisey ehtiyoji asosida o’rnatilgan tartibda zarur moddiy jihozlarni va boshqa moddiy resurslarni korxona va tashkilotlardan belgilangan tartibda ijaraga oladi yoki xarid qiladi, shuningdek, o’zining bo’sh turgan moddiy jihozlar va boshqa moddiy resurslarini ijaraga beradi.

III. Ta’lim oluvchilar

11. Akademik liseyga o’quvchilarning hujjatlarini qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

12. Har bir akademik liseyda o’quvchilarni qabul qilish bo’yicha akademik lisey direktori raisligida Maslahat kengashi tashkil etiladi. Maslahat kengashining tarkibi, uning vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

13. Akademik liseylarga qabul qilish, boshqa ta’lim muassasasiga ko’chirish, chetlatish va qayta tiklash, shuningdek, akademik ta’til berishni rasmiylashtirish tegishli qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

14. O’zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq qabul qilingan chet el fuqarolari akademik lisey o’quvchisi bo’lishi mumkin.

15. Akademik lisey o’quvchilarining huquqlari;

ta’lim yo’nalishini ixtiyoriy tanlash;

o’quv binolari, laboratoriya, axborot-resurs markazi (kutubxona), sport majmualaridan foydalanish, o’zlarining qobiliyatlarini namoyon qilish va rivojlantirish, o’z salohiyatini o’stirish, o’z bilimlarini fanlar bo’yicha chuqurlashtirish;

zamonaviy fan va texnika taraqqiyotiga mos bilimlarni olish;

o’z-o’zini boshqaradigan o’quvchilar organiga saylash va saylanish, ta’lim muassasasi faoliyatida eng muhim masalalarni hal qilishda ishtirok etish;

akademik liseyning ijodiy faoliyatida ishtirok etish;

o’quv rejasi doirasidan tashqari, ijtimoiy, sport va fan to’garaklariga qatnashish orqali bilim olish;

o’z fikrini erkin bayon etish;

akademik lisey o’quvchilari o’qishini tugatgunga qadar turar joydan foydalanish;

amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bir ta’lim yo’nalishidan boshqa ta’lim yo’nalishiga hamda umumiy o’rta ta’lim maktablariga o’qishini ko’chirish, akademik ta’til olish, qayta tiklash  bo’yicha (voyaga yetmaganlar ota-onalari yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar orqali) murojaat qilish;

turli tanlovlar, respublika va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish;

o’qishni tamomlagandan so’ng Davlat namunasidagi diplom va egallagan mutaxassisligi bo’yicha sertifikat olish;

biriktirilgan oliy ta’lim muassasasining o’quv-laboratoriya uskunasi, kompyuter texnikasi va boshqa tashkiliy texnika, darsliklar hamda o’quv qo’llanmalaridan foydalanish;

umumta’lim fanlari bo’yicha darsliklarni ijara asosida olish;

o’quvchilar O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

16. Akademik lisey o’quvchilarining majburiyatlari:

akademik lisey Ustavi va ichki tartib-qoidalari talablari, sanitariya-gigiyena me’yorlari va qoidalariga rioya etish;

davlat ta’lim standarti va o’quv rejalarida belgilangan o’quv fanlari bo’yicha puxta bilim egallash va to’liq o’zlashtirish;

odob-axloq qoidalariga rioya etish;

jamoat tartibiga rioya etish;

konferensiyalarda va akademik liseyning boshqa o’quv-tarbiyaviy tadbirlarida faol ishtirok etish;

kiyinish madaniyatiga rioya etish;

akademik lisey mulki (jihozlar, darsliklar, o’quv qo’llanmalari, o’quv-laboratoriya jihozlari)ga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish;

chuqurlashtirib o’tiladigan fanlar bo’yicha boshlang’ich ilmiy kuzatishlar olib borish.

IV. O’quv-tarbiyaviy, o’quv va ilmiy-metodik ishlar

17. O’quv-tarbiya jarayonining mazmuni Davlat ta’lim standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan o’quv rejalar va o’quv dasturlari asosida belgilanadi. Akademik liseyda ta’lim jarayoni davlat tili hamda rus va qoraqalpoq tillarida olib boriladi.

18. O’quvchilarga akademik lisey o’quvchisi guvohnomasi va reyting daftarchasi to’liq rasmiylashtirilib, bepul tarqatiladi.

19. Akademik liseyda o’quv guruhlari tarkibi 26 nafar o’quvchidan ortiq bo’lmagan tarzda shakllantiriladi. Chuqurlashtirilib o’rganiladigan fanlar (ta’lim yo’nalishlari) bo’yicha akademik liseyda amaliy, laboratoriya va seminar mashg’ulotlari kichik guruhlarga bo’lib o’qitiladi.

20. O’quv yilining boshlanishi va uning tugallanish muddati o’quvchilarning haftalik yuklamasi va yakuniy nazoratlari hamda ta’tillarining davomiylik muddati, shuningdek o’qishni yakunlash shakllari va turlari o’quv rejalari asosida amalga oshiriladi.

Akademik liseyda o’qitishning kunduzgi shakliga amal qilinadi. O’qish muddati 2 yil.

Akademik liseylarda barcha o’quv mashg’ulotlari uchun ikki akademik o’quv soat davomiyligi 80 daqiqa etib belgilanadi.

21. Akademik liseyda birinchi kungi mashg’ulotlar ta’lim muassasalari ishlab chiqqan tadbirlarga muvofiq vazirlik va idoralar, ularning joylardagi bo’linmalari, hokimlik, homiylar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida tantanavor ruhda, O’zbekiston Respublikasi bayrog’ini olib chiqish va  madhiyasini ijro etish bilan boshlanadi.

22. Akademik liseyda o’quv mashg’ulotlarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, tajribali mutaxassislar jalb etiladi.

Akademik liseyni tasarrufiga olgan oliy ta’lim muassasasi reja asosida akademik liseyning o’quv-tarbiyaviy, o’quv-metodik va ilmiy-metodik ishlarini tahlil etadi, kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha amaliy yordam ko’rsatadi.

23. O’quvchilarning bilimi va ko’nikmalarini baholash amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

24. Akademik liseyda tarbiyaviy ishlar milliy an’analarimiz va umuminsoniy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, tashkil qilinadi. Tarbiyaviy ishlar o’quv jarayoni bilan birgalikda oilalar, mahalla, jamoat tashkilotlari, shaxsning ijodiy faoliyatini shakllantiruvchi, O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik tamoyillariga sodiq va jamiyatning rivojiga real hissa qo’sha oladigan davlat va nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

25. Akademik lisey o’quvchilarini umumta’lim fanlari bo’yicha darsliklar bilan ta’minlash O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari respublika maqsadli kitob jamg’armasining mablag’lari hisobiga ijara asosida amalga oshiriladi. Kam ta’minlangan oilalardan bo’lgan o’quvchilar umumta’lim fanlari bo’yicha darsliklar bilan byudjet mablag’lari hisobidan bepul ta’minlanadi.

26. O’qishdagi yutuqlari, o’quv-ilmiy, ijodiy faoliyati va boshqa ishlarda faol qatnashganligi uchun akademik lisey o’quvchilariga turli xil ma’naviy va moddiy rag’batlantirishlar belgilanadi.

27. Akademik liseyda sabablaridan qat’i nazar, nazorat ishlarining istalgan  turidan o’quvchilarni ozod qilishga yo’l qo’yilmaydi.

28. O’qitish har bir kursda barcha fanlar bo’yicha yakuniy nazorat bilan yakunlanadi.

29. O’quv yilining tugallanishi, o’quvchilarni kursdan-kursga o’tkazish, o’quv yilining yakuni bo’yicha qo’shimcha tadbirlar tantanali ravishda amalga oshiriladi. A’lochi o’quvchilar akademik lisey faxriy yorliqlari va boshqa sovg’alar bilan taqdirlanishi mumkin.

30. Akademik liseyda o’qishi davomida fanlarni o’zlashtira olmagan hamda o’rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmagan o’quvchilar birinchi bosqich natijalariga ko’ra kursda qoldirilishi mumkin.

31. O’quv rejada belgilangan barcha fanlarni to’liq o’zlashtirgan o’quvchi akademik lisey direktorining buyrug’iga asosan yakuniy davlat attestasiyasiga qo’yiladi.

32. Akademik lisey bitiruvchilariga maxsus chuqurlashtirilgan, tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassisliklar beriladi.

Maxsus chuqurlashtirilgan, tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassislik bo’yicha davlat namunasidagi diplom o’rnatilgan tartibda bitiruvchilarga topshiriladi.

33. O’quv rejasida nazarda tutilgan fanlardan yakuniy baholarining kamida 86 foizi «a’lo» va qolgan fanlardan «yaxshi» bo’lgan, yakuniy attestasiya sinovlaridan «a’lo» baholar olgan, namunali xulqqa ega bo’lgan hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etgan o’quvchilarga a’lo darajali diplom beriladi.

34. Bitiruvchilarga diplom va sertifikatlar akademik liseyda tantanali tadbirda topshiriladi. Tadbirga ularning ota-onalari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, hamkor korxona va tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari taklif etiladi.

35. Yakuniy davlat attestasiyasida ijobiy baho olgan o’quvchiga belgilangan tartibda akademik liseyni tamomlaganligi to’g’risida davlat namunasidagi diplom  beriladi.

36. Akademik liseyning o’quv-tarbiya jarayoniga  biriktirilgan oliy ta’lim muassasasi ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladi.

37. Oliy ta’lim muassasasining akademik liseylardagi o’quv jarayoni samaradorligini oshirish bo’yicha ko’maklashish darajasi quyidagi mezonlar bilan belgilanadi:

o’quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko’rsatkichlari dinamikasi;

o’quvchilarning fan olimpiadalari, ko’rik-tanlovlardagi yutuqlari;

o’qituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash dinamikasi;

o’qituvchilarning turli ko’rik-tanlovlarda erishgan natijalari;

o’qituvchilarning chop etilgan o’quv, ilmiy-metodik ishlanmalari.

V. Akademik liseyning tuzilishi

38. Akademik lisey shtatlari jadvali amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqiladi, tasdiqlanadi hamda ro’yxatdan o’tkaziladi.

39. Akademik liseyda Pedagogik kengash, metodik kengash, ota-onalar kengashi tuziladi va faoliyat yuritadi.

40. Akademik lisey tarkibida kasaba uyushma, xotin-qizlar qo’mitasi, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi, murabbiylar kengashi va akademik liseydagi ta’lim-tarbiya jarayoniga daxldor bo’lgan boshqa jamoat tuzilmalari tashkil etilishi mumkin.

41. Akademik liseyda fan kafedralari va biriktirilgan oliy ta’lim muassasalarining kafedra filiallari tashkil etiladi.

Akademik liseyda tashkil etilgan kafedralar ular faoliyati to’g’risidagi Nizomlar bilan tartibga solinadi.

42. Akademik lisey o’qituvchilari tegishli oliy ta’lim muassasasining kafedralariga va tajribali professor-o’qituvchilariga biriktiriladi hamda ular o’rtasida ta’lim sifatini oshirish borasida hamkorlik yo’lga qo’yiladi.

43. Akademik liseyning pedagogik kengashida oliy ta’lim muassasasining akademik liseylar bilan ishlash bo’yicha mas’ul tarkibiy bo’linma rahbarlari ishtirok etadi.

Akademik lisey ma’muriyati akademik liseydagi o’quv-tarbiya va ilmiy-metodik ishlar samaradorligi bo’yicha oliy ta’lim muassasasining kengashida hisobot beradi.

Oliy ta’lim muassasasi kengashi yig’ilishlarida akademik lisey direktori ishtirok etadi.

VI. Pedagog xodimlar, o’quv-tarbiyaviy xodimlar

44. Akademik liseyga xodimlarni pedagog faoliyatga jalb etish oliy ma’lumotli va kamida 5 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo’lgan shaxslar orasidan belgilangan tartib asosida tanlov yo’li bilan amalga oshiriladi.

45. Ishga qabul qilinuvchining huquq va majburiyatlari hamda ishni tashkil qilish sharoitlari O’zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligi bo’yicha, shuningdek, mehnatga haq to’lash o’quv muassasasining pedagog xodimlari uchun tarifikasiya asosida, boshqaruv, texnik, xizmat ko’rsatuvchi va o’quv-yordamchi xodimlar uchun shtat jadvaliga ko’ra amalga oshiriladi.

46. Akademik lisey pedagog xodimi va boshqa pedagog kadrlarga qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi, har yili mavjud imtiyozlarga ega uzaytirilgan pulli mehnat ta’tili beriladi.

47. Pedagog xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestasiyaga jalb etiladi va attestasiya natijalari bo’yicha qabul qilingan qaror asosida pedagog xodimlarning malaka toifalari ko’rib chiqiladi.

48. Akademik lisey boshqaruv va pedagog xodimlari Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining ko’rsatmasi asosida belgilangan muddatlarda malaka oshirish kurslariga jalb etiladi.

49. Akademik lisey rahbar hamda pedagog xodimlarining lavozim majburiyatlari va huquqlari amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida belgilanadi.

50. Akademik lisey pedagog xodimlari va ishchi xodimlari amaldagi qonun hujjatlariga asosan oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan holda direktorning buyrug’i bilan lavozimga tayinlanadi yoki o’z lavozimidan ozod etiladi.

VII. Akademik liseyga rahbarlik qilish

51. Akademik liseyni boshqarish oliy ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Akademik lisey direktori belgilangan tartibda tanlov natijalari asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining tavsiyasiga ko’ra Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri buyrug’i asosida lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

52. Akademik lisey direktori huzurida Pedagogik kengash tashkil etiladi. Pedagogik kengashning funksiyalari quyidagilar hisoblanadi:

akademik lisey taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini, ta’lim sifatini oshirish va takomillashtirish, qo’shimcha moliyaviy mablag’larni jalb qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash yo’llarini belgilaydi;

ta’lim mazmunining turli shakllari, (o’quv rejasi, dasturi, qo’llanmalar) o’quv-tarbiya jarayonining uslublari va ularni amalga oshirish yo’llarini ishlab chiqadi, o’quvchilarni qabul qilish, kursdan-kursga ko’chirish, o’qishdan chetlashtirish masalalarini muhokama qiladi hamda amalga oshiradi;

Maslahat kengashi, fan kafedralari hisobotlarini eshitadi va muhokama qiladi;

pedagog xodimlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy tashabbusini rivojlantirish, pedagogik tajribasini ommalashtirish ishlarini tashkil qiladi;

Pedagogik kengash o’z faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan nizom asosida olib boradi.

53. Akademik liseyning umumiy faoliyatini boshqarish direktor tomonidan amalga oshiriladi.

Akademik lisey direktori Pedagogik kengash raisi hisoblanadi. Akademik lisey direktori o’quv muassasasi nomidan ish ko’radi: boshqa tashkilotlar bilan bog’laydi, uning moddiy bazasini mustahkamlaydi, shartnomalar tuzadi, ishonch qog’ozlari beradi, banklarda hisob raqamlari ochadi, o’quv muassasasi doirasida barcha pedagog xodimlar, ishchilar va o’quvchilar uchun majburiy bo’lgan buyruq hamda ko’rsatmalar beradi.

54. Akademik lisey direktori:

O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining bajarilishini ta’minlaydi, ta’lim muassasasi faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ta’lim sifatini yaxshilash, o’quv-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish, rivojlantirishning asosiy yo’nalishlarini belgilaydi, uning bajarilishi va natijasi ustidan nazorat qiladi, o’quv-tarbiya jarayonining barcha bosqich va bo’limlari faoliyatini tashkillashtiradi;

akademik liseydagi ishlarning sifati va samaradorligiga, bolalik va mehnatni himoya qilish talablarining bajarilishiga javobgardir;

  • darsdan tashqari ishlarning tashkil etilishiga zarur shart-sharoitlar yaratib beradi;
  • o’quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtiradi va tashkil etadi. Uning bajarilishi va natijasi ustidan nazorat qiladi;

davlat ta’lim standartlari, o’quv rejalar va dasturlarni bajarilishini, akademik lisey ustavi talablariga rioya qilishni ta’minlaydi;

davlat va jamoat tashkilotlarida ta’lim muassasasi manfaatlarini himoya qiladi, ta’lim muassasasining yillik va oylik ish rejalarini tasdiqlaydi, o’qituvchilar yillik ish rejalarining o’quv va pedagogik yuklamalarini bajarilishini nazorat qiladi;

o’quvchilar tomonidan tizimli bilimlar olishini ta’minlaydi;

o’quv jarayoniga pedagogik texnologiyalarni va ta’lim vositalarini kiritadi;

o’z vakolati doirasida ta’lim muassasasining moliyaviy xo’jalik masalalarini hal etadi, byudjet va byudjetdan tashqari moliyaviy mablag’larni shakllantiradi va ulardan samarali foydalanishni ta’minlaydi;

o’quv jihozlari va boshqa o’qitish vositalarining saqlanishini ta’minlaydi, ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlarini tashkil etadi;

pedagog kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo’yishni amalga oshiradi, shtat jadvalini belgilangan xizmat doirasida tasdiqlaydi, pedagog xodimlar attestasiyasini tashkillashtiradi;

xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, mehnat, ishlab chiqarish, ijro intizomi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishini ta’minlaydi;

xodimlarini rag’batlantirish bo’yicha maxsus komissiyaga boshchilik qiladi, maxsus komissiya qarori asosida xodimlarga qo’shimcha haq, bir martalik mukofot va moddiy yordamni tayinlaydi;

vasiylik kengashi, ota-onalar, mahalla qo’mitasi, jamoat va homiy tashkilotlari bilan o’quv-tarbiya ishlarini rivojlantirish bo’yicha hamkorlik ishlarini olib boradi;

o’smirlarning huquq va manfaatlarini himoyalash va muhofazalash bo’yicha talabnomalarga amal qilinishini ta’minlaydi;

mehnatni muhofazalash va texnika xavfsizligi bo’yicha ishlarni tashkil etadi, kam ta’minlangan oila farzandlarini ijtimoiy himoyalash ishlarini tashkil etadi;

o’quvchilar turar joyiga ehtiyoji bo’lgan o’quvchilar uchun sharoitlar yaratadi;

bitiruvchilar bandligini ta’minlash ishlarini tashkil etadi, monitoringini olib boradi;

malaka oshirish uchun sharoitlar yaratadi;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini og’zaki va yozma  murojaatlari bo’yicha qabul qiladi;

akademik lisey bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirishi, akademik lisey faoliyati natijalari uchun shaxsan javob beradi.

55. Akademik lisey direktori amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.

VIII. Jamoat tashkilotlari

56. Akademik lisey tarkibida kasaba uyushmasi, xotin-qizlar qo’mitasi, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi, murabbiylar kengashi va akademik liseydagi ta’lim-tarbiya jarayoniga dahldor bo’lgan boshqa jamoat tuzilmalari faoliyati O’zbekiston Respublikasining qonunchiligi va ushbu Ustav asosida olib boriladi.

IX. Akademik liseyning mol-mulki va mablag’lari

57. Akademik lisey faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag’lar;

davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari ro’yxatiga kiritilgan ilmiy dasturlarni maqsadli moliyalashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari buyurtmasi bo’yicha tanlov asosida bajariladigan ishlar uchun ajratiladigan mablag’lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag’lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

58. Akademik liseyning moliyaviy vositalari to’la o’zining qaramog’ida bo’ladi, musodara qilinmaydi, akademik lisey qonunda belgilangan tartibda ulardan foydalanadi.

59. Akademik liseyning yer maydonlari, bino va inshootlari hamda mol-mulkini boshqa muassasalarga berish yoki o’tkazish akademik liseyni tasarrufiga olgan oliy ta’lim muassasasi bilan kelishilgan holda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi roziligi bilan amalga oshiriladi.

60.  Oliy ta’lim muassasasi byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan tasarrufidagi akademik lisey uchun o’quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o’quv qo’llanmalari sotib olish hamda akademik liseyning o’qituvchi va o’quvchilarini moddiy qo’llab-quvvatlaydi.

61. Kam ta’minlangan o’quvchilarga ichki imkoniyatdan kelib chiqib, akademik liseyning byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan moddiy yordam ko’rsatiladi. 

X. Yakunlovchi qoidalar
 Akademik liseyni qayta tashkil etish va tugatish

62. Akademik lisey O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashkil etiladi va tugatiladi.

63. Mazkur Ustav O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanib, o’rnatilgan tartibda davlat ro’yxatidan o’tkaziladi va kuchga kiritiladi.

64. Ustavga o’zgartirish yoki qo’shimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

Mazkur Ustav Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyining 2018 yil  30 dekabrdagi Pedagogik kengashida  (5-sonli bayonnoma) muhokama qilingan.

 

FOYDALI SAYTLAR