Navro'zi olam muborak, aziz yurtdoshlar!

Chop etish

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar. Aziz otaxon-u, onaxonlar, opa-singillar, aka-ukalar. Bugun barchamiz uchun muborak ayyom sanalmish yangi yil, yangi kun, yangi orzu-umidlar ibtidosi bo'lgan bayram Navro'zi olamni qarshilamoqdamiz.

Navro`z - bahor bayrami. Xalqimizga xos eng qadimiy urf-odatlarimiz va azaliy qadriyatlarimizni o`zida jo qilgan bu kun o`zgacha tarovat hamda nafosat bilan eshik qoqmoqda. Bu ayyom azal-azaldan o'zgacha tantana, shod-u xurramlik hamda quvonch bilan nishonlangan.

Yangi yilning ibtidosi xalqimiz uchun aynan Navro`zdan boshlanadi. Bahor, yasharish, yangilanish faslining husn-u tarovati bilan Navro`zoyning jamoli shu qadar uyg`unlashib ketadiki, chor-atrof beqiyos fusunkorlik kasb etadi.

Ushbu shodiyona xalqimiz uchun nafaqat bir bayram, balki eng sof insoniy fazilatlar sanalgan mehr, muruvvat, saxovat va himmat ramzi hamdir. Negaki, xalqimiz shodiyona kunlarda birlashib, yordamga muhtojlar, xastalar hamda e'tiborga va ko'makka muhtoj yurtdoshlarimiz holidan xabar olishadi. Bu esa xalqimizga xos bo'lgan eng qadimiy va muqaddas urf-odatlar sirasiga kiradi.

Qadrli yurtdoshlar! Siz azizlarni, ko'p millatli butun xalqimizni ushbu qutlug' kunlarga eson-omon yetganligingiz, bugungi yorug' kunlarda shod-xurramlik bilan shodiyonalarni nishonlayotganligingiz bilan samimiy muborakbod etaman. Bahoriy ayyom bo`lmish kirib kelayotgan Navro`zi olam barchangizga muborak bo`lsin!

Zokir Bazarov,

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi ijrochi direktori.