Alisher Navoiy - ilm-fan, san’at va musiqa ahli homiysi

O’zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, oʻzbek adabiy tilining asoschisi, buyuk qomusiy olim va mutafakkir, ulug‘ davlat arbobi hamda donishmand, buyuk alloma, ilm-fan, san’at va musiqa ahliga homiy va dunyoga tanilgan komil inson - Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludiga 581 yil toʻldi.

Buyuk bobokalonimizning tavallud ayyomlarini butun respublikamiz boʻylab nishonlash odat tusiga kirib ulgurgan. Har yili 9-fevralni, ayniqsa, xalqimiz zoʻr iftixor bilan kutib oladi. An’anaga aylangan mazkur kunda yurtimizdagi barcha ta’lim dargohlarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjuman hamda uchrashuvlar, navoiyxonlik va she’riyat kechalari oʻtkaziladi.

Bunday tadbirlarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad esa buyuk mutafakkir bobomizning boy adabiy merosini oʻrganish va targ‘ib qilish, yosh avlod ongiga Navoiy asarlarining baddiiy xususiyati hamda tarbiyaviy ahamiyatini singdirish va bu orqali ularning ma’naviyatini yanada yuksaltirishdir.

Navoiyning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, yuksak axloqiy fazilatlar, insoniylik, hamjihatlik, bunyodkorlik hamda halollik ruhi ufurib turgan asarlarini mutolaa qilgan inson, shubhasiz, ma’naviy kamolot sari qadam tashlaydi. Shuning uchun ham, bugun har bir oʻg‘il-qiz buyuk mutafakkir, yetuk alloma Mir Alisher Navoiy ijodidan xabardor boʻlgani holda uning mazmun mohiyatini chuqur anglamog‘i, unda keltirilgan tarbiyaviy oʻgitlarni oʻziga singdirmog‘i, ta’bir joiz boʻlsa oʻzining hayotiy shioriga aylantirmog‘i lozim.

Alisher Navoiy turkiy tilda ijod qila boshlagan birinchi shoir boʻlganligi uchun ham uning oʻzbek adabiyoti vujudga kelishi va taraqqiy etishiga qoʻshgan hissasi beqiyosdir. Shuningdek, Navoiy turkiy til grammatikasi, turkiy tilda sheʼr yozish qoidalariga bagʻishlangan asarlari oʻtgan asrlardan bugungi kunga qadar boshqa shoir va adabiyotchilarga ilmiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda.

Zokir Bazarov,

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi ijrochi direktori