Kirib kelayotgan yangi 2022-yil bilan samimiy muborakbod etaman!

Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar, akademik litseyimizning jonkuyar xodimlari va ilmga chanqoq o'quvchilar. Bugun barchamiz yangi yil, yangi imkoniyatlar ostonasida turibmiz. O'tgan bir yil mobaynida akademik litseyimiz faoliyatini har tomonlama yuksaltirish va takomillashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Yil sarhisobi sifatida ayrim ma'lumotlarni keltirib o'tsam.

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to’g’risidagi PQ-3290 qaroriga asosan akademik litseyimiz Samarqand davlat chet tillar instituti tasarrufiga o’tkazilgan.

Bugungi kunda litseyimizda 4 ta kafedra mavjud bo’lib, ta’lim yo’nalishlari soni 7 tani tashkil etmoqda (bu 7 ta xorijiy til o’qitiladi degani). O’tgan yili, ya’ni 2020-yilida o’quvchilarimizning oliy o’quv yurtlariga kirish ko’rsatkichi 55.7% dan oshgan bo’lsa, joriy yilda, ya’ni 2021-yilida ushbu ko’rsatkich  80% ni tashkil etdi.

Shuningdek, Yurtboshimizning 2020-yil 3-dekabrda “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4910-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu ijrosini ta’minlash maqsadida akademik litseyimizning moddiy texnik bazasini boyitish, litseyda ta’lim sifatini oshirish hamda metodik jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida 1 milliard so’m miqdoridagi pul mablag’lari Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan ajratildi.

Akademik litseyimizning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida bir qator mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlikni yo’lga qo’yganmiz. Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand Konfutsiy instituti, Toshkent Gyote institutlari shular jumlasidandir.

Litseyimiz tashkil topganidan to bugungi kunga qadar qanchadan qancha iqtidorli, salohiyatli hamda yurtimiz kelajagiga o’zining munosib hissasini qo’sha oladigan, barkamol yoshlarga ham ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. O’nlab o’quvchilarimiz fan olimpiadalari, respublika hamda jahon miqiyosida o’tkazilgan nufuzli tanlovlar hamda musobaqalarda nafaqat litseyimizning, balki butun mamlakatimizning sha’nini munosib himoya qilgan holda yuqori natijalarni qayd etdilar.

Iqtidorli o’quvchilarimizni ham moddiy, ham ma’naviy rag’batlantirish maqsadida litseyimizda Samarqand davlat chet tillar instituti rektori tomonidan “Rektor stependiyasi” joriy qilingan bo’lib, joriy yilda ham barcha fanlardan eng yuqori ko’rsatkichga ega bo’lgan jami 41 nafar o’quvchi hamda “Akademik litseyimiz iftixori” hamda “Rektor stependiyasi” bilan taqdirlandi.

Xulosa o’rnida shuni ishonch bilan ayta olamanki, akademik litseyimizda tahsil olayotgan har bir o’quvchi bizning farzandimiz, ertamiz egalari, Vatanimizning yorqin kelajagini quruvchi shaxs ekanligini hisobga olgan holda kirib kelayotgan yangi yilda ham ularning bilim va salohiyatini yanada oshirib, kelajakda komil inson bo’lib kamol topishida kamarbasta bo’lamiz va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ulkan maqsadlarimiz ro'yobi yo’lida mehnat qilishdan aslo charchmaymiz.

Shu fursatdan foydalanib siz azizlarni kirib kelayotgan yangi 2022-yil bilan samimiy muborakbod etaman. Yangi yilimizning har lahzasi baxt, omad va shodlikka to'la bo'lsin. Yuzingizdan tabassum, qalbingizdan quvonch aslo arimasin. Sog'lik-salomatlik, oilaviy baxt va xotirjamlik doimiy hamroxingiz bo'lsin.

Zokir Bazarov,

Samarqand davlat chet tillar instituti

akademik litseyi ijrochi direktori.