Assalomu alaykum, hurmatli ota-onalar va aziz o’quvchi-yoshlar!

Yuksaklikka intilayotgan yurt, albatta, birinchi e’tiborini ta’limga qaratadi. Ta’lim sifati yaxshi, o‘qitish tizimi mukammal bo‘lsa, shu o‘quv dargohidan, bilimli, o‘z kasbini yaxshi biladigan, ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan, yurt ravnaqi uchun hissa qo‘shadigan kadrlar muntazam yetishib chiqaveradi. Ayniqsa, iqtidorli yoshlarga yo‘l ko‘rsatish, ularga ham ma’nan, ham ruhan yordam qo‘lini cho‘zish orqali ularning iste’dodlarini yanada yuzaga chiqarishga turtki berish mumkin.

Yurtimizdagi akademik litseylarda, jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyida ham iqtidorli va tafakkuri keng, shuningdek, sog’lom fikrlay oladigan o’quvchi-yoshlarning safini tobora kengaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish, shuningdek, akademik litseyimiz faoliyatini yanada takomillashtirish borasida davlatimiz rahbari boshchiligida biz tomondan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, rahbariyatimiz tashabbusi bilan Siz azizlar va litseyimizda tahsil olayotgan farzandlaringizning ta’lim olishlari, erishayotgan yutuqlari, dars jarayonlaridagi ishtiroki hamda litseyimizda faoliyatini davom ettirayotgan o’qituvchilarimizning ilmiy va o’quv jarayonlari bilan bog’liq faoliyati, ularning ilmiy salohiyati, farzandlaringizga berilayotgan ta’lim-tarbiya bilan bog'liq barcha xabarlar havola etib boriladigan guruh ochildi.

Siz mazkur guruh faoliyati jarayonida qimmatli vaqtingizni ayamagan holda ishtirok eting, farzandlar ta'lim-tarbiyasida uzviy hamkorlik qilishingizni, shuningdek, birgalikda ish olib borishda o'z takliflaringizni berishingizni so‘raymiz. Zero hech bir ota-ona o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham ortiqroq hadya bera olmaydi.

Hurmat bilan,

Akademik litsey ijrochi direktori Z.Bazarov.