30-yanvar O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti tavallud topgan kun

Chop etish

Bugun O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavallud topgan kun. Oʻzbekiston Qahramoni (1994) Islom Abdugʻaniyevich Karimov  1938-yil 30-yanvar kuni Samarqand shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Oʻrta Osiyo politexnika instituti (1960), Toshkent xalq xoʻjaligi institutini (1967) tugatgan.

1991-yil 31-avgustda Islom Karimov tashabbuslari bilan tarixiy voqea yuz berdi — Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilindi. 1991-yil 29-dekabrda muqobillik asosida oʻtkazilgan umumxalq saylovida Islom Abdugʻaniyevich Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov 2016-yil 2-sentabrida vafot etdi.

Bugun Islom Karimov xotirasini mustahkamlash maqsadida yurtboshimiz tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etildi, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov siymosini yaratish boʻyicha xalqaro ijodiy tanlovda gʻolib deb topilgan haykallarni Toshkent shahrida, Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar boʻlib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida oʻrnatish, Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish va Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini ham ushbu manzil boʻyicha joylashtirish,  Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyini tashkil etish bo’yicha topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi ta’minlanmoqda.

Bundan tashqari, Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish, uning siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish haqida koʻrsatmalar berildi. Hozirda mazkur ko’rsatmalarni amaldagi ifodasini ta’minlash maqsadida, madaniy-ma’rifiy markazlarga, ta’lim muassasalariga hamda Respublikamizning qator tuman va shaharlariga Islom Karimov nomi berilib mustaqilligimiz asoschisi, siyosat arbobi, birinchi Prezidentimiz xotirasi yanada mustahkamlanmoqda.