Bobur kabi seving vatanni

Chop etish

Ma’lumki, Markaziy Osiyo insoniyat tarixida yuz bergan barcha rivojlanish bosqichlarida madaniyat, ilm-fan va san’at sohalarida eng yetakchi o’rinlarda bo’lgan. Necha ming yillik voqea-yu hodisalarni boshdan o’tkazgan ko’hna tarix guvohki, bizning zaminimizdan necha-necha yetuk allomalar, olim-u, fozillar yetishib chiqqanni holda, ularning dong’i nafaqat Osiyoda, balki butun jahonda ma’lum-u mashhur bo’lgan.

Ana shunday buyuk shoh, yetuk alloma hamda matonatli sarkarda, o’z davrining iste’dodli shoiri Zahiriddin Muhammad Bobur bugun har qancha e’tirof etsak, hayoti va ijodini qancha o’rgansak shuncha kamlik qiladigan ajdodlarimizdan biridir. 

Zahiriddin Muhammad Bobur, toʻliq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Fargʻona ulusi hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan. Bu vaqtga kelib Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-uka, togʻa-jiyanlar, amakivachchalar oʻrtasida ulugʻ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyat keskin bir holat holatga kelib qolgan edi. Ana shunday vaziyatda ulg’ayganiga qaramay, Boburning adabiyot, san’at, ayniqsa, she’riyatga bo’lgan mehr-u muhabbati bo’lakcha edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur bugungi kun kishisiga nafaqat buyuk sarkarda, balki yetuk tarixnavis olim, o’lmas g’azal va ruboiylar muallifi sifatida ham juda yaxshi tanish. Uning g’azallaridagi tasvir va ifodalarda vatanga bo’lgan cheksiz muhabbat, yurt sog’inchi va iztiroblari, insoniylik, hamjihatlik hamda go’zal axloqiy fazilatlar bayoni o’zgacha tarzda namoyon etilgan.

Bundan tashqari, Bobur Hindistonda davlat va hokimiyat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham izchil davom ettirgan holda butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”ni yaratdi. Mazkur asarda keltirilgan ma’lumotlar o’zining aniqligi, tasvir ravonligi hamda ifodaning beqiyosligi bilan hanuzgacha dunyo hamjamiyatida o’z ahamiyatini yo’qotgan emas.

Muhtasar qilib aytganda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida aks etgan vatanga muhabbat, insoniylik, hamjihatlik hamda axloqiy fazilatlar bugungi kun yoshlari qancha o’rnak olsa arziydi.

 

Zokir Bazarov,

Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi ijrochi direktori